Лабораториялар

Lalmikor yerlarda yumshoq bug‘doy seleksiyasi va urug‘chiligi laboratoriyasi

Laboratoriya mudiri: q.x.f.n., k.i.x. Saydalim G‘aybullaev
Lalmikor yerlarda yumshoq bug‘doy seleksiyasi va urug‘chiligi laboratoriyasi 1913 yilda tashkil etilgan bo‘lib, lalmikor yerlarning turli mintaqalarida qurg‘oqchilik‚ issiqlikka, kasalliklar va zararkunandalarga chidamli‚ yuqori‚ barqaror va sifatli xosil beradigan yumshoq bug‘doy navlarini yaratish va boshlang‘ich urug‘chiligini olib borish asosiy faoliyati hisoblanadi.
Markaziy Osiyoda bug‘doyning ilmiy seleksiyasi 1909 yildan boshlangan. Akademik R.R.Shreder rahbarligida Turkiston qishloq xo‘jalik tajriba stansiyasida 400 dan ortiq mahalliy bug‘doy navlari o‘rganilgan.
Laboratoriyada bug‘doy seleksiyasi ishlari 1913 yilda Zarafshon tajriba dalasida davom ettirilib, Respublikada bug‘doy seleksiyasi va urug‘chiligiga asos solingan. Shu yili stansiyaning seleksiya ishlari bilan shug‘ullanuvchi Jizzax va Kuropatkinda tayanch punktlari ochildi. Seleksiya ishlarini O.I.Petrov va N.V.Pokrovskiylar olib borgan.
1932-1951 yillarda lalmikor yerlar uchun yumshoq bug‘doyning Grekum-214, Grekum-246, Grekum-289, Vatan‚ maxalliy navlardan yakka tanlash yo‘li bilan Eritrospermum-5755, Grekum-752 navlari yaratilgan. Ana shu yillarda bug‘doyning ekologik geografik uzoq shakillarini o‘zaro chatishtirish natijasida Grekum-646, Grekum-511, Eritrospermum-1910, Eritrospermum-4982 navlari yaratilgan.
1951-1970 yillarda Qizil-Sharq navi, 1960 yilda avgust oyida ekish uchun Milyutin-1, Milyutin-2 kabi biologik kuzgi bug‘doy navlari yaratilgan.
1971-1990 yillarda N.V.Pokrovskiy, R.O.Katkova, N.M.Mamirov, N.Beknazarov kabi seleksioner olimlar yumshoq va qattiq bug‘doy seleksiyasi va urug‘chiligi sohalarida yuksak natijalarga erishdilar. Lalmi yerlarda yumshoq bug‘doy seleksiyasi va urug‘chiligini rivojlantirishda N.Beknazarovning hizmatlari juda katta bo‘lgan.Ular tomonidan yaratilgan Eritrospermum-242‚ Tezpishar, Grekum 439‚ Eritrospermum-401 navlari hozirgi kunda ham katta maydonlarni egallab kelmoqda.
1991-2012 yillarda laboratoriyada N.Beknazarov‚ J.Umarov‚N.Umirov‚ B.Yusupov‚ M.Jo‘raev tomonidan yumshoq bug‘doyning Oq bug‘doy‚ Zumrad‚ Nurli-quyosh‚ Baxmal-97‚ Dur 40‚ Dur 81‚ 22⁄ 2009‚ Grekum 394‚ Ko‘kbuloq‚ Baxodir navlari yaratilgan.
2013 yildan hozirgi vaqtgacha S.G‘aybullaev, M.Jo‘raev, Z.Ochilovlar tomonidan yumshoq bug‘doyning Istiqlol-6, So‘g‘diyona, No‘shkent, Qizildon navlari yaratildi hamda 2012 yilda Baxmal-97 navi, 2018 yilda Istiqlol 6 va So‘g‘diyona navlari O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jalik ekinlari Davlat reestriga kiritildi.
Laboratoriyada ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida O‘zbekiston Respublikasi Intelektual mulk Agentligi tomonidan lalmikor maydonlarda ekish uchun yumshoq bug‘doyning Istiqlol-6 (№NAP 00162), So‘g‘diyona (№NAP 00165), No‘shkent (№NAP 00250) navlariga seleksiya yutuqlari uchun patentlar olindi.