Laboratoriya mudiri: q.x.f.n., k.i.x. Isakov Kamoliddin Tuyg‘unovich Chorvani ozuqa bilan ta’minlashda lalmi yerlarda yem-xashak yetishtirish muhim ahamiyatga ega. Lalmi yerlarda beda, makkajo‘xori, kungaboqar, jo‘xori, sudan o‘ti, tritikale, ozuqa bop maxsar, xashaki tarvuz, esparset, jitnyak va shuvoq katta maydonlarni egallaydi. Yem-xashak ekinlarining tashqi muhitning noqulay ta’sirlariga, kasallik va zararkunandalarga chidamli, hosildorligi va ozuqa birligi yuqori bo‘lgan navlarini yaratish va ularning boshlang‘ich urug‘chiligini tashkil etish, agrotexnikasini ishlab chiqish dolzarb muammolardan hisoblanadi. Lalmi yerlarda tabiiy pichanzorlar va yaylovlar katta maydonlarni egallaydi. Ularning mahsuldorligini oshirish muhimdir. Shulardan kelib chiqib 1938 yilda Milyutin Davlat seleksiya stansiyasida yem-xashak ekinlari laboratoriyasi tashkil etilgan. Uni dastlabki yillarda S.A.Mazurin boshqargan. Yem-xashak ekinlarining ekish muddatlari, ekish me’yori va usullari ishlab chiqildi. Tuproqqa ekishgacha va ekishdan so‘ng ishlov berish tizimlari aniqlandi. Shu yili bedaning Milyutin-1774 navi yaratildi va 1945 yilda lalmi yerlarda ekishga tavsiya etildi. 1959 yilda esparsetning Milyutin-2, 1965 yilda jitnyakning Uzkokolosiy-15 navlari yaratildi. 1961-1976 yillarda K.K.Komilov va Ya.I.Fal’kovskayalar tomonidan lalmikor yerlarda yaylov mahsuldorligini oshirish maqsadida olib borilgan ilmiy tadqiqot ishlari natijasida shuvoqning Molguzar navi yaratildi, urug‘chiligi yo‘lga qo‘yildi, agrotexnikasi ishlab chiqildi. Ushbu ilmiy ishlanmalar uchun K.K.Komilov Beruniy Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. 1984 yilda D.P.Baygulov rahbarligida ilmiy xodimlar R.Aliev, N.Danilovlar bedaning Aridnaya navini yaratishdi. 1987 yilda sug‘oriladigan va lalmikor yerlar uchun bedaning Boygul navi ekishga tavsiya etildi. 2014 yilda K.Isakov, N.Umirov hammualliflikda yaratilgan bedaning G‘allaorol-100 navi hozirgi kunda nav sinash Davlat markazining mintaqaviy nav sinash uchastkalarida sinovdan o‘tkazilmoqda. Lalmi yerlarda olib borilgan tadqiqotlar natijasida K.Isakov, O‘.Nurbekov hammualliflikda yaratilgan kungaboqarning ko‘k ozuqa uchun tavsiya etilgan Nur-5 navini 2015 yilda, X.Adilov, J.Umarov, K.Isakovlar tomonidan yaratilgan tritikalening Sardor navi 2016 yilda ekish uchun Davlat reestri ro‘yxatiga kiritildi. 2019 yilda tritikalening Do‘stlik-4 navi istiqbolli nav deb topildi. Hozirgi kunda dukkakli don va yem-xashak ekinlar seleksiyasi va urug‘chiligi laboratoriyalari birlashgan holda qishloq xo‘jalik fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim Kamoliddin Tuygunovich Isakov rahbarlik etib kelmoqda. Laboratoriyada 1 ta doktorant ilmiy mavzusi bo‘yicha tadqiqot ishlarini bajarib kelmoqda.