Laboratoriya mudiri: q.x.f.n., k.i.x. Mamatqulov Tursunkul Arpa seleksiyasi va urug‘chiligi laboratoriyasi ilmiy faoliyatini 1913 yildan boshlangan. 1925-1926 yillar va 1955-1957 yillarda N.V.Pokrovskiy, 1927-1938 yillarda F.A.Kvyatkovskiy, 1939-1943 va 1946-1951 yillarda U.T.Raxmatulin, 1944-1945 yillarda V.Ya Smirnova, 1958-1968 yillarda G‘.Q. Qurbonov, 1968-1990 yillarda Yu.O.Oripov, 1990-1997 yillarda T.Mamatqulov, 1997-2004 yillarda Sh.Oripovlar rahbarlik qilib kelgan. 2004 yildan boshlab T. Mamatkulov laboratoriya rahbarlik qilib kelmoqda. Arpa seleksiyasida birinchi marotaba F.A.Kvyatkovskiy tomonidan Boysun maxalliy arpa namunalaridan yakka tanlash yo‘li bilan Nutans-27 navi yaratilgan. 1939 yilda Maxalliy pallidum navining biologik baxorgi shakli Samarqand va Toshkent viloyatlarining lalmikor mintaqalariga rayonlashtirildi. 1956 yilda birinchi marotaba pivobop Unumli arpa navi seleksionerlar V.Ya.Smirnova, U.T.Raxmatullin, I.S.Kostenko va V.I.Filippovalar muallifligida yaratildi. Mazkur arpa navi Markaziy Osiyoning lalmikor hududlariga rayonlashtirildi va uning ekin maydoni (1970) 1.0 million gektarni tashkil etdi. 1964 yilda G‘.Q.Qurbonov, N.V.Pokrovskiy, Yu.O.Oripov, V.I. Filippova va M.O.Omonovlarning ilmiy izlanishlari natijasida Nutans-161, Nutans-6, Nutans-24 kabi bir qator navlar yaratildi. 1970 yildan boshlab Yu.O.Oripov rahbarligida va ilmiy xodimlar V.N.Pitonya, T.X.O‘rinboev va T.Mamatqulovlar tomonidan lalmikor yerlarda yarim intensiv tipli, yem-xashak yo‘nalishidagi yuqori oqsilli, qurg‘oqchilik sharoitiga moslashgan arpa navlari sinovdan o‘tkazildi. 1980-1984 yillar oralig‘ida Nutans-799 (Yu.O.Oripov, V.N.Pitonya, T.X.O‘rinboevlar) navi yaratildi. Shuningdek, issiqqa, qurg‘oqchilikka chidamli va ertapishar mahalliy arpa navlarini kasalliklarga, yotib qolishga nisbatan chidamli Yaponiya, Xitoy, Shvesiya va Niderlandiya arpa navlari bilan chatishtirib, duragaylar olishga erishildi. Sug‘oriladigan maydonlarida arpa seleksiyasi 1970 yillarda Kovalev A.I., Oripov Yu.O., O‘rinboev T.X., Muhamedov J., Mamatqulov T., Rasulov R kabi olim tomonidan G‘allaorolda yem-xashak va pivobop arpa seleksiyasi yo‘nalishida keng miqyosda ilmiy tadqiqot ishlari olib borildi. 1980-1985 yillarda Zafar, Ta’zim navlari yaratildi. 1985 yilda Yu.O.Oripov, V.N.Pitonya, T.Mamatqulovlar tomonidan lalmikorlikda yarim intensiv tipdagi, yuqori oqsilli va issiqqa, qishga, yotib qolishga, to‘kilishga chidamli yem-xashak uchun ishlatiladigan arpa navlarini yaratish borasida ilmiy tadqiqotlar olib borildi. Natijada Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlarining lalmikor mintaqalariga mos bo‘lgan arpaning Lalmikor navi yaratilib lalmikor maydonlar uchun ekishga tavsiya etildi. 1983-1991 yillarda T.Mamatqulov, Ukraina Seleksiya va genetika instituti akademigi P.F.Garkaviy, seleksionerlar A.M.Sheremet, A.A.Linchevskiylar hamkorligida ekologik nav sinash tajribasida olingan natijalar asosida yangi Yugodar navi yaratildi. Mazkur nav 1993 yilda Qirg‘iziston Respublikasining Issiqko‘l nav sinash uchastkasida eng yuqori hosildorlik ko‘rsatkichiga (9.4 t/ga) erishildi va Davlat reestriga kiritildi. 1993 yildan boshlab T.Mamatqulov rahbarligida va ilmiy xodim V.N.Pitonya tomonidan pivobop arpaning Savruk navi yaratildi va 2002 yildan Davlat reestriga kiritildi. 1997 yilda T. Mamatqulov, Yu.O. Oripov, P.L. Jumaboev, M.V. Lukyanova, A.O. Omonov va A.M. Sheremetlar tomonidan yaratilgan arpaning “Bolg‘ali” naviga patent olindi. 2003-2005 yillar oralig‘ida T.Mamatqulov, A.T.Mamatqulov, Sh.X.Oripov, Z.Mirzaqobilova, N.Qurbonovalar tomonidan lalmikor mintaqalar uchun tashqi muhitning biotik va abiotik omillarga chidamli bo‘lgan Noziktam, Nurota navlari yaratildi. 2006-2008 yillarda T.Mamatqulov, A.T.Mamatqulov, N.J.Umirov va Sh.X.Oripovlar tomonidan lalmikor yerlar uchun arpaning ertapishar tashqi muhitning noqulay omillariga chidamli Pivovar navi yaratildi. 2009-2011 yillarida T.Mamatqulov, A.A.Xoldorov, R.E.Siddiqov, B.D.Xaydarov tomonidan Bahorikor va Abu G‘afur 20 navlari yaratildi. 2012-2014 yillarda T.Mamatqulov, A.A.Xoldorov, R.E.Siddiqov tomonidan turli lalmikor hududlar uchun tuproq va havo qurg‘oqchiligiga, sovuqqa, kasalliklarga chidamli, ertapishar, serhosil Xotira-59 va Dunyo-M navlari yaratildi. 2015-2017 yillarda T.Mamatqulov, Z.I.Usarov, A.A.Xoldorov, R.E.Siddiqovlar tomonidan lalmikor mintaqalar uchun tashqi muhitning biotik va abiotik omillariga chidamli bo‘lgan arpaning Mushtarak, Sharof-100 navlari yaratildi. Arpaning Abu-G‘ofur (№NAR00173), Xotira-59 (№NAR00178), Ixtiyor(№NAR00174) navlariga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual Mulk agentligi tomonidan seleksiya yutug‘iga patentlar olingan. Seleksioner olimlar T.Mamatqulov, A.A.Xoldorov, R.E.Siddiqovlar tomonidan lalmikor mintaqalar uchun tashqi muhitning noqulay omillariga chidamli bo‘lgan arpaning Abu-G‘ofur-20, Bahorikor navlari yaratildi va ushbu navlar 2019 yildan O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jalik ekinlari Davlat reestriga kiritildi. Arpaning Abu-G‘ofur-20 (№NAR 00252), Mushtarak (№NAR 00251), navlariga 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Intellektual Mulk agentligi tomonidan seleksiya yutug‘iga patentlar olingan. 1913 yildan bugungi kungacha laboratoriyada 105 ta arpa navlari yaratilib Qishloq xo‘jalik ekinlari navlarini sinash markaziga topshirilgan. Ushbu navlardan 25 tasi O‘zbekiston hududida ekish uchun va 1 tasi Qirg‘iziston Respublikasida ekish uchun Davlat reestriga kiritilgan. Bugungi kunda Davlat reestriga 13 ta arpa navlari kiritilgan va nav sinash uchastkalarida 6 ta arpa navlari sinovdan o‘tmoqda. Laboratoriyada shu kungacha 6 ta patent, 25 ta mualliflik guvohnomalari olingan, 3 ta tavsiya va qo‘llanmalar chop etilgan.