Laboratoriya ilmiy xodimi: k.i.x. Amanov Farrux Baxtiyorovich O‘zbekistonning lalmikor yerlarida zig‘ir, kunjut, mahsar, undov, kungaboqar kabi moyli ekinlar ekiladi. Ulardan olingan yog‘ ekologik tozaligi, hushtamligi, shifobahshligi kabi xususiyatlari bilan ajralib turadi. 1945 yilda Millyutin Davlat tajriba stansiyasida moyli ekinlar seleksiyasi va urug‘chiligi laboratoriyasi tashkil etilgan. Laboratoriyaga seleksioner olim Ya.G.Momot rahbarlik qilgan. 1950 yilda moyli ekinlar seleksiyasi va urug‘chiligi laboratoriyasida maxsarning Milyutin-114 navi‚ 1954 yilda zig‘irning Buxoro-32, 1956 yilda Baxmal-1056 navlari yaratildi. Seleksioner olim A.I.Kovalev 1961 yilda maxsarning Kormovoy-16, kungaboqarning Botir navlarini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. 2008 yilda S.E.Egamberdiev va T.H.O‘rinboevlar muallifligida yaratilgan mahsarning G‘allaorol navi ekishga tavsiya etildi. Lalmikor maydonlar ekish uchun moyli zig‘irning 2006 yilda Bahorikor navi qishloq xo‘jalik ekinlari navlarini sinash Davlat komissiyasiga sinovga topshirildi. Sh.X.Oripov muallifligida moyli zig‘irning Baxorikor navi 2015 yilda va maxsarning Jizzax-1 navi 2014 yilda respublikaning lalmikor yerlarida ekish uchun Davlat reestriga kiritildi. Bundan tashqari laboratoriyada 2015-2017 yillar QXA-8-053-2015 hamda 2017-2019 yillarga mo‘ljallangan QX-I-QX-2018-26 raqamli innovatsiya loyixalarida ilmiy izlanishlar amalga oshirildi. Moyli ekinlar seleksiyasi va urug‘chiligi laboratoriyasida ilmiy tadqiqot ishlari natijasida yaratilgan maxsarning “Jizzax-1” navi 2017 yildan boshlab Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarining lalmikor maydonlari uchun istiqbolli nav sifatida, moyli zig‘irning “Bahorikor” navi 2015 yildan boshlab Qashqadaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarining lalmikor maydonlarida ekish uchun Qishloq xo‘jalik ekinlari Davlat reestriga kiritilgan. 2015-2017 yillarda Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidagi fermer xo‘jaliklarida jami 310 gektar maydonga ekildi va gektaridan zig‘irning “Bahorikor” navidan 10,7 va maxsarning “Jizzax-1” navi bo‘yicha 11,5 sentnerdan hosil olindi.