Лабораториялар

O‘simliklar fiziologiyasi laboratoriyasi

Laboratoriya mudiri: q.x.f.n., k.i.x. Pokrovskaya Mariya Nikolaevna
O‘simliklar fiziologiyasi laboratoriyasi 1957 yilda tashkil etilgan bo‘lib, laboratoriyaning asosiy faoliyati:
• Lalmikor yerlarda boshoqli don ekinlarining qishga, sovuqqa, qurg‘oqchilikka va issiqqa chidamligini fiziologik asoslarini o‘rganish;
• Sug‘oriladigan yerlarda boshoqli don ekinlarining issiqqa va tuproq sho‘rlanishiga chidamligining fiziologik asoslarini o‘rganish;
• Boshoqli don ekinlari mahsuldorligining fiziologik asoslarini o‘rganish;
• Seleksiya jarayonida o‘rganilayotgan barcha nav va namunalarning tashqi muhitning abiotik ta’sirlariga chidamligini baholash.
Shuning uchun sug‘oriladigan va lalmikor yerlarda boshoqli don ekinlarining tashqi muhitning noqulay abiotik omillari-qishga, sovuqqa, qurg‘oqchilikka, issiqga va tuproq sho‘rlanishiga chidamligining hamda ularning mahsuldorligining fiziologik asoslarini ilmiy o‘rganish o‘ta dolzarb vazifa hisoblanadi. Shuningdek, seleksiya boshlang‘ich manbalarining abiotik omillarga chidamligini baholab borish uning samaradorligini oshirishning muhim sharti hisoblanadi.
O‘zbekistonning iqlimi keskin kontinental bo‘lib, qishda sovuq -18-20 0 S va undan past,yozda issiq +40-42 0 S va undan yuqori bo‘ladi. Bahor davri yoz davri bilan keskin almashinadi. Yog‘ingarchilikning yillik me’yori 340 mm bo‘lib yil davomida tekis taqsimlanmaydi. Deyarli har yili qishloq xo‘jalik ekinlari uchun sug‘oriladigan yerlarda issiq, lalmikor yerlarda qurg‘oqchilik juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Sug‘oriladigan yerlarda suv tanqisligi, tuproqning turli darajada sho‘rlanishi ham noqulay omil hisoblanadi.
Laboratoriyada olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida sug‘oriladigan va lalmikor yerlarida boshoqli don ekinlarining tashqi muhitning noqulay abiotik omillariga chidamligining va o‘simlik mahsuldorligining fiziologik asoslari aniqlandi. Seleksiya uchun asosiy fiziologik ko‘rsatkichlar aniqlandi, seleksiya manbalarining chidamligi boholandi. Lalmi yerlar uchun boshoqli don ekinlarining morfofiziologik ko‘rsatkichlari aniqlanib ular asosida o‘simlik modeli ishlab chiqildi.
Bugungi kunda o‘simliklar fiziologiyasi laboratoriyasining ilmiy natijalari o‘simlikshunoslik, seleksiya va boshqa sohalarda keng qo‘llanilib kelinmoqda.
Laboratoriyaga turli davrlarda N.A.Ataullaev, M.O.Omonov, M.B.Begbo‘taev, T.H.O‘rinboev, M.R.Rustamova, A.A.Amonov, M.N.Pokrovskayalar rahbarlik qilishdi. Ye.I.Bessonova, N.A.Isaqulova, H.Isamova, A.Alishboev, Sh.Oripov, O.Xusanovlar ilmiy hodim vazifasida faoliyat ko‘rsatgan. Ulardan 2 nafari fan doktori, 6 nafari fan nomzodlari ilmiy darajasiga ega bo‘lgan.