Лабораториялар

Dehqonchilik bo‘limi faoliyati

Bo‘lim boshlig‘i: q.x.f.n., k.i.x. Yusupov Xasan
Dehqonchilik sohasidagi dastlabki tajribalar 1913-1924 yillarda professor V.S.Maligin, N.V.Dmitrov, N.V.Karpov, S.P.Tulaykov va boshqalar tamonidan olib borilgan. Bu tajribalarda yerni omoch o‘rniga pulug bilan haydash, g‘allani seyalka bilan ekish, hosilni kombayn bilan o‘rib yanchish bo‘yicha dastlabki ilmiy tajribalar qo‘yilgan.
N.V.Karpov va G.A.Lavronovlar lalmikor dehqonchilik faniga ulkan hissa qo‘shgan olimlardan hisoblanadi. 1937-1960 yillarda ular tomonidan lalmikor yerlarda almashlab ekish tizimi‚ ekiladigan ekinlarning agrotexnikalari ishlab chiqildi. Lalmi yerlarda uchraydigan begona o‘tlarning botanik tarkibi va biologik hususiyatlari o‘rganildi va ularga qarshi kurash chora-tadbirlari belgilandi.Bo‘z yerlarni o‘zlashtirish, toza shudgorga ishlov berish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi. S.P.Tulaykov qishloq xo‘jalik mashinalarining yangi turlarini sinovdan o‘tkazdi. Bu davrda lalmikor tuproqlarda namlik tartiboti o‘rganildi, lalmikor yerlarda kuzgi g‘allani avgust oyida ekish agrotexnikasini yaratildi.Tuproqda kechadigan suv va shamol erroziyasi ta’sirini kamaytirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ixota daraxtzorlari barpo etishning ilmiy asoslari ishlab chiqildi.
1961-1990 yillarda G.A.Lavronov, V.I.Korobov, S.Mamaniyozov, D.P.Baygulov, M.R.Rofiev‚ A.Ravshanov, R.Aliev, H.Yusupov‚ M.Xolmatov‚ M.Yunusovlar tamonidan lalmikor yerlarda tuproqning kimyoviy, fizikaviy, suv-fizik, mikrobiologik va boshqa xususiyatlari, tuproqqa ishlov berish tizimlari o‘rganildi. G‘alla-shudgor almashlab ekish tizimlari takomillashtirildi, mahalliy va mineral o‘g‘itlar qo‘llash me’yorlari va muddatlari aniqlandi‚ K.Komilov, H.Yusupov, I.Mamarahimovlar tomonidan o‘tloq-bo‘z tuproqlar sharoitida g‘alla yetishtirishning intensiv texnologiyalari ishlab chiqildi. R.Zolov, A.Miloserdova, H.Yusupov, A.Aliboevlar sug‘oriladigan yerlarda ozuqabop don va yem-xashak ekinlarini almashlab ekishning maqbul tizimlarini ishlab chiqdi. Sug‘oriladigan yerlarda kuzgi bug‘doy yetishtirishda mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirishning muddatlari, me’yorlari va uslublari o‘rganildi.
H.Yusupov, H.Ilyosov, H.Badalovlar sug‘oriladigan yerlarda dastur asosida kuzgi bug‘doy yetishtirishda mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish me’yorlari, muddatlarining va barg diagnostikasi asosida aniqlash bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazdi.O‘sib turgan g‘o‘za qator orasiga kuzgi g‘alla ekish texnologiyalari ishlab chiqildi.
1991-1993 yillarda birlashmaning dehqonchilik bo‘limida sug‘oriladigan tajriba dalalarida g‘alladan bo‘shagan maydonlarda takroriy tariq ekini agrotexnikasini ishlab chiqish maqsadida tajriba o‘tkazildi (X.Yusupov, A.Aliboev). tajribalarda gektaridan 25-30 sentner tariq doni yetishtirishda ekish me’yori, sug‘orish va mineral oziqlantirish tartibotlari o‘rganildi. Tuproqqa ishlov berishda pluglar bilan 20-22 sm chuqurlikda xaydash, yassi chimqirqar plug (Ploskorez) va BDT-3 rusumli og‘ir diskali boronalardan foydalanildi. Barcha agrotexnologik tadbirlar g‘alla o‘rim –yig‘imidan so‘ng tuproqda nam to‘plash uchun o‘tkazilgan sug‘orish fonida olib borildi.
1995-1997 yillarda “G‘alla” ilmiy ishlab chiqarish birlashmasining yangidan o‘tkazilgan, suv bilan kam ta’minlangan tajriba dalasida “Marjon” kuzgi bug‘doy navining 1999-2002 yillarda birlashmaning yangidan tashkil etgan Muzbuloq tajriba dalasida (Jizzax viloyati G‘allaorol tumani, Muzbuloq ijara shirkatlar uyushmasi) Sanzar 8 va intensiv tipdagi Yuna va Kupava (Krasnodar seleksiyasi) navlarining turli sug‘orish va oziqlantirish tartibotlaridagi hosildorligi o‘rganildi.
Ko‘p faktorli tajribalarda turli me’yordagi organik va ma’danli o‘g‘itlarning samaradorligi sug‘orishning 50-60 va 70 % ChDNS tajribalarida o‘rganildi.
Uch yillik tajriba natijalariga ko‘ra, yangidan o‘zlashtirilgan, tuproq unumdorligiga nisbatan past bo‘lgan sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlar sharoitida maxalliy “Marjon” kuzgi bug‘doy navi hosildorligining sug‘orish tartiboti va organik hamda ma’danli o‘g‘itlar me’yoriga qarab o‘rtacha gektariga 28,1-67 sentnerni tashkil etdi.
Tajribalarda chetdan keltirilgan intensiv tipdagi Yuna va Kupava kuzgi bug‘doy navlarining Sanzar 8 maxalliy kuzgi bug‘doy naviga nisbatan tuproqning sug‘orish va oziqlanish tartibotiga talabchanligi yuqori bo‘lishi aniqlandi (X.Yusupov, Z.Ziyadullaev, B.Xaydarov, aspirant T.Otaqulov).
Ma’lumki, qishloq xo‘jalik ekinlarining o‘sish va rivojlanishiga, hosildorlikning oshishi va ularning sifatining yaxshilanishidan biologik faol preparatlar-o‘sish stimulyatorlari muxim axamiyat kasb etdi. O‘sish stimulyatorlari oz miqdorda qo‘llanishiga qaramasdan o‘simlarda modda almashinishida ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
2001-2002 yillarda dehqonchilik bo‘limi ilmiy xodimlari tomonidan ST-1-IA va ST -2-Nur o‘sish stimulyatorining sug‘oriladigan maydonlarga ekilgan “Marjon” kuzgi bug‘doyning o‘sishi, rivojlanishiga ta’siri o‘rganildi.(X.Yusupov, B.Xaydarov) tajriba natijalariga ko‘ra bu stimulyatorlar urug‘ining laboratoriya va dala sharoitlariga unuvchanligi ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Uch yillik ma’lumotlarga asosan “Marjon” kuzgi bug‘doy navi urug‘ini ST-1-IA stimulyatorining 0,05 % konsentratsiyasidagi eritmasini yarim dozadagi Raksil fungitsidi bilan birgalikda ishlov berilgan variantda olindi.
1996-1997 yillarda ilk marta e’lon qilingan “G‘alla” respublika ilmiy texnik dastur bo‘yicha “Sug‘oriladigan yerlarda kuzgi boshoqli don ekinlarini intensiv texnologiya asosida yuqori va sifatli hosil yetishtirish” mavzusi bo‘yicha loyixalar tanlovida ishtirok etdi va grantni qo‘lga kiritdi. (X.Yusupov, A.Aliboev, A.Umurzakov, B.Xaydarov va boshqalar).
Dehqonchilik bo‘limida Osiyo taraqqiyot Banki ishtirokida 2005-2009 yillarga mo‘ljallangan “Boshoqli don ekinlari hosildorligini oshirish” loyixasi bo‘yicha bir qator tajribalar olib borildi. Tajribalarda yangidan rayonlashtirilgan, shuningdek istiqbolli kuzgi boshoqli don ekinlarining resrstejovchi agrotexnologiyalarini ishlab chiqdi.
2003-2005 yillarda dehqonchilik bo‘limi ilmiy xodimlari Fan va texnologyailar Davlat qo‘mitasining DFTD-11 dasturi bo‘yicha e’lon qilingan grant tanlovlarida P.11.1.34 sonli “Sug‘oriladigan va lalmikor maydonlarda g‘alla, dukkakli don, yem-xashak ekinlarining almashlab ekishning qisqa rotatsiyali tizimlarini ishlab chiqish va bu tizimlarda suvdan, o‘g‘itlardan va pestiyidlardan tejamli foydalanish agrotexnologiyalarini ishlab chiqish” mavzusi bo‘yicha qatnashdi va grant soxibi bo‘ldilar.(Ilmiy raxbar X.Yusupov, ilmiy xodimlar A.Umurzakov, B.Xaydarov va boshqalar).
Bu tadqiqotlar respublikaning turli lalmikor mintaqalarida g‘alla –shudgor almashlab ekish sxemalarini takomillashtirishga va bu tizimda tuproqqa turli usul va chuqurlikda ishlov berishning maqbul tizimini, lalmikor yerlarning yarim ta’minlangan qir-adirlik mintaqasida tipik bo‘z tuproqlar unumdorligini oshirishning agrotexnologik chora-tadbirlarini ishlab chiqishga bag‘ishlandi. Tajribalarda tuproqqa ishlov bermasdan (“O” texnologiya) to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzgi g‘alla ekinlari urug‘ini ekish bo‘yicha bir qator tajribalar qo‘yildi.
Shu yillar davomida dehqonchilik bo‘limida O‘zbekiston Respublikasi va AQSh o‘rtasida tuzilgan UB-ARS-31-2003 shartnoma bo‘yicha PL-480 sonli “O‘zbekiston respublikasidagi yarim ta’minlangan qir-adirlik va ta’minlangan tog‘li lalmikor maydonlarda g‘alla-shudgor almashlab ekish tizimida tuproqni eroziyadan ximoya qiluvchi, tuproqda nam to‘plovchi agrotexnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish” loyixasi bo‘yicha bir qator tajribalar olib borildi (X.Yusupov, ilmiy xodimlar I.Mamaraximov, S.Rustamov, B.Xaydarov, M.Jo‘raev va boshqalar).
Bu tajribalarda lalmikor yerlarning turli mintaqalarida tuproq unumdoriligini oshirish g‘alla-shudgor almashlab ekish tizimda tuproqqa ishlov berish, g‘alla ekinlarini oziqlantirish va boshqa agrotexnologiyalarini ishlab chiqarishga va takomillashtirish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borildi.
Bundan tashqari, bu loyixa doirasida tog‘ oldi va tog‘li lalmikor yerlarda g‘alla, dukkakli va boshqa ekinlarni qiyaliklar bo‘ylab polosalar shaklida joylashtirish, yomg‘ir va sel suvlaridan samarali foydalanish, suv eroziyasi ta’sirida tuproqning yuvilishini kamaytiradigan terrasalar barpo etish kabi bir qator tajribalar o‘tkazildi.
Dehqonchilik bo‘limi tomonidan ilmiy xodimlar bajarilishi 2007-2011 yillarga mo‘ljallangan QXA-8-061-2 sonli amaliy loyixalar bo‘yicha tadqiqotlar olib borilgan (ilmiy raxbar X.Yusupov).
Sug‘oriladigan yerlarda g‘alla va dukkakli o‘simliklar ilmiy tadqiqot instituti G‘allaorol filialida dehqonchilik bo‘limi tomonidan QXA-9-117-sonli “Tog‘li lalmikor maydonlarda tuproqlarni suv eroziyasidan himoya qilishni, yog‘in-sochin va sel suvlaridan samarali foydalanishni ta’minlaydigan agromeliorativ va agrotexnologik tadbirlar majmuini takomillashtirish” mavzusi bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlar olib borilgan (ilmiy raxbar S.Rustamov).
Sug‘oriladigan yerlarda g‘alla va dukkakli o‘simliklar ilmiy tadqiqot instituti G‘allaorol filiali ITD-9. “Qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirishning yuqori samarador, ekologik sof agrotexnologiyalarini, ularni saqlash va qayta ishlash, kasallik va zararkunandalardan himoya qilishning samarali usullarini yaratish” dasturi doirasida QXA-9-031-sonli “Respublikaning sug‘oriladigan maydonlarda yangi kuzgi bug‘doy navlarining tuproq iqlim sharoitlariga resurstejamkor agrotexnologiyalarini ishlab chiqish” mavzusi bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlar olib borilgan (ilmiy raxbar X.Yusupov).
Sug‘oriladigan yerlarda g‘alla va dukkakli o‘simliklar ilmiy tadqiqot instituti G‘allaorol dehqonchilik bo‘limida KAZ-018 “Dehqonchilik, melioratsiya va o‘rmon xo‘jaligi sohalarida mahsulot yetishtirish texnologiya va texnika vositalarini modernizatsiyalash uchun respublika qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishni mexanizatsiyalashning istiqbolli mashina va mashinalashgan texnologiyalar tizimini ishlab chiqish” dasturi doirasida A3-FQ-1-14933 “Respublikaning sug‘oriladigan va lalmikor maydonlarida g‘alla, dukkakli, yem-xashak va moyli ekinlar yetishtirishda qo‘llaniladigan mashina va mashinalashgan texnologiyalar tizimini va istiqbolli texnologik kartalarni ishlab chiqish” mavzusi bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib borilgan (Loyiha rahbari H. Yusupov).
G‘allaorol ilmiy-tajriba stansiyasi dehqonchilik bo‘limida QXI-5-002-2013 sonli “Lalmikor maydonlarda g‘alla-shudgor almashlab ekish tizimida “Milyutin-2” esparset (bargak) navining urug‘chiligini tiklash va boshlang‘ich urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish” mavzusida innovatsion loyiha bo‘yicha joriy etish ishlari olib borilgan (Loyiha rahbari H. Yusupov).
Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti G‘allaorol ilmiy-tajriba stansiyasi, Dehqonchilik bo‘limida ITD-9. “Qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirishning yuqori samarador, ekologik sof agrotexnologiyalarini, ularni saqlash va qayta ishlash, kasallik va zararkunandalardan himoya qilishning samarali usullarini yaratish” dasturi doirasida QXA-9-054-2015-sonli «Lalmikor maydonlarda g‘alla-shudgor almashlab ekish sxemalari tizimida tuproqqa ishlov berish, o‘g‘itlar, kimyoviy himoya vositalaridan samarali foydalanish, tuproq unumdorligi oshirishni ta’minlaydigan texnologiyalarini takomillashtirish» mavzusi bo‘yicha 2015-2017 yillarga mo‘ljallangan ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilgan (Loyiha rahbari H. Yusupov).
Hozirgi kunda dehqonchilik bo‘limida QX-A-QX-2018-105. «Sug‘oriladigan maydonlarda yumshoq bug‘doyning yangi «Istiqlol-20» va «Semurug‘» navlaridan yuqori hosil va sifatli don yetishtirish agrotexnologiyasini ishlab chiqish» mavzusi bo‘yicha 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Hozirgi kunda dehqonchilik bo‘limi boshlig‘i H.Yusupov, q.x.f.f.d., kichik ilmiy xodim A.Muratkasimov, kichik ilmiy xodim J.Nishanov, laborantlar M.Ko‘chimova, G.Boymirzaeva, U.Xudoyqulovalar faoliyat olib bormoqdalar.
Dehqonchilik bo‘limida Haydarov Bekmurod Dusiyorovich “Lalmikor maydonlarda boshoqli don ekinlarini resurstejamkor texnologiya asosida yetishtirish va joriy etish” va Muratkasimov Alisher Sattarovich “Lalmi tipik bo‘z tuproqlarning hozirgi holati va ulardan samarali foydalanish yo‘llari” mavzulari ilmiy-tadqiqotlar olib borib, 2019 yilda qishloq xo‘jalik fanlari falsafa doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lishdi.